
Giyohvandlik–yuqumli oʼlat-vaboga qiyoslanadi. Sababi narkotik moddalarga ruju qoʼygan kishida avval tajanglik, kayfiyatsizlik, xotira susayishi kabi ruhiy oʼzgarishlar, keyin terlash, yurak urishi, ogʼiz qurishi, ozib ketish, koʼl-oyoq qaltirashi singari jismoniy oʼzgarishlar va bogʼlanib qolishlar roʼy beradi. Zahri qotilni vaqtida qabul qilmasa, xumorlik sindromi deb ataluvchi ogʼir dardga yoʼliqadi. Muntazam isteʼmol qilsa, oʼtkir yoki surunkali zaxarlanadi. Birinchisida jazavaga tushib, besabab kuladi, gohida yigʼlaydi. Bora –bora giyohvandlik moddasiga ruhan va jismonan mute boʼlib qoladi, hayot zavqini ularsiz tasavvur qilolmaydi.
Eng yomoni, yuqorida tilga olingan illatlar giyohvandlarni jinoyat koʼchasiga yetaklaydi. Ular ota-onalik maʼsuliyatini, farzandlik burchini, insoniy qadriyatlarni, ayniqsa, mehr-oqibatni batamom unutadilar, iymon-eʼtiqoddan ayriladilar oʼsha ajal urugʼini topib, bir marta xumoridan chiqish uchun hech qanday qabihlikdan qaytmaydilar. Kezi kelganda, kiyim-kechaklari va qimmatbaho zeb-ziynatlarini, hatto mashinalari va uy-joylarini sotib yuborishdan ham toymaydilar. Qarabsizki, aksariyatning tinch-farovon hayoti zulmatga aylanadi. Gulday oilasi buzilib, bolalari yetim qoladi. Oʼzi esa yo boshqalarni qon qaqshatib qamalib ketadi, yo sogʼligʼini yoʼqotib, olamdan bemavrid oʼtadi.
Giyohvandlar jismonan va maʼnan tez qariydilar. Аyrimlari jigar goʼshalarini ortiqcha gʼam-tashvishga qoʼyganlari yetmaganday, ularning shaʼniga dogʼ tushiradilar. Inchunon, koʼpchilik nashavandlar bilan quda-anda tutinishni istmaydi. Chunki bangilik nasl buzilishiga, nogiron bolalar tugʼilishiga doyalik qilishi ehtimoldan holi emas. Qolaversa, bunday oila zurriyotlarida giyohvandlikka moyillik boʼladi. Demak, giyohvandlik insonni tanazzulga boshlashdan tashqari, avlodlar kelajagini barbod qiladi. Hammasidanam dahshatlisi, millat genofondi buzilishiga, bedavo va yuqumli kasalliklar urchishiga olib keladi. Shunday ekan azizlar hammasi oʼz qoʼlingizda.