
O‘zbekistonda 23-iyul kuni 773 kishida koronavirus aniqlandi — bu kunlik kasallanish bo‘yicha 2021-yilning eng yuqori ko‘rsatkichidir. Shuningdek, mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon qayd etilgan eng yuqori ikkinchi ko‘rsatkich hamdir — bundan oldingi antirekord 2020-yilning 1-avgustida o‘rnatilgan (774 kishi). Shunday qilib, mamlakatda COVID-19 rasman qayd etilganlar soni 123 559 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Yangi kasallanish holatlarining
- 68 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida,
- 21 nafari Andijon viloyatida,
- 17 nafari Buxoro viloyatida,
- 94 nafari Jizzax viloyatida,
- 14 nafari Qashqadaryo viloyatida,
- 12 nafari Navoiy viloyatida,
- 33 nafari Namangan viloyatida,
- 85 nafari Samarqand viloyatida,
- 27 nafari Sirdaryo viloyatida,
- 88 nafari Surxondaryo viloyatida,
- 81 nafari Farg‘ona viloyatida,
- 29 nafari Xorazm viloyatida,
- 95 nafari Toshkent viloyatida,
- 109 nafari Toshkent shahrida
koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan. Bundan tashqari, kecha kun davomida 507 nafar kishida pnevmoniya tasdiqlandi.
Ta’kidlash kerakki, o‘tgan bir sutka ichida Jizzax (94 nafar), Surxondaryo (88 nafar), Farg‘ona (81 nafar) va Toshkent viloyatlarida (95 nafar) COVID-19 bilan kunlik kasallanish bo‘yicha 2021-yilning, Samarqand va Xorazm viloyatlarida esa iyul oyining eng yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilgan (Samarqandda yil antirekordi 25-iyun kuni — 90 kishi, Xorazmda esa 26-iyunda aniqlangan — 49 kishi).
Shuningdek, 7 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 826 nafarni tashkil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalgi besh kunda ham O‘zbekistonda COVID-19’ga chalinish bo‘yicha antirekordlar qayd etilgandi. Xususan, 18-iyul kuni 585 kishi, 19-iyul kuni 658 kishi, 20-iyul kuni 698 kishida, 21-iyul kuni 719 kishida, 22-iyul kuni esa 738 kishida kasallikka chalinish holati aniqlangandi.